Qashqadaryo viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Qiymati 150 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha chiqindilarni zamonaviy texnologiyalar asosida utilizatsiya qilish va muqobil energetikani rivojlantirish dasturi doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan hayotga tatbiq etilmoqda.
Korxona 17 gektar maydonda barpo etiladi. Ishga tushirilgach, zavod har oy 45 ming tonnagacha maishiy chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Qayta ishlash natijasida olingan energiya elektr energiyasi ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Kompaniya rahbari Yu Jenning so‘zlariga ko‘ra, mazkur korxona kompaniyaning O‘zbekistondagi eng yirik loyihalaridan biriga aylanadi. Ayni paytda Samarqand viloyatida ham shunga o‘xshash obyekt qurilmoqda. Ikki loyihaning umumiy qiymati 400 million AQSH dollarini tashkil etadi. Kompaniya chiqindilarni qayta ishlash jarayonida atmosfera havosiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydigan ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilishini ta'kidlamoqda.
Zavod uchun Xitoydan so‘nggi avlod uskunalari yetkazib berilmoqda. Korxonada zamonaviy filtrlash tizimlari hamda ekologik nazorat uskunalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Kompaniyaning qurilish bo‘limi boshlig‘i Chjan Chjenchunning ta'kidlashicha, loyiha doirasida ekologik xavfsizlikni ta'minlash, yer osti suvlarini muhofaza qilish va qurilishning yuqori sifat standartlariga rioya etishga alohida e'tibor qaratilgan.
Korxona ishga tushirilgach, 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, viloyatning beshta tumanida chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, ularda chiqindilar saralanib, keyingi qayta ishlash jarayoniga yo‘naltiriladi. Mutaxassislar ushbu loyiha hududdagi ekologik yuklamani kamaytirish bilan birga, mintaqa uchun qo‘shimcha elektr energiyasi manbaini yaratishga xizmat qilishini kutmoqda.