Toshkent shahrida ilk bor Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining ta’lim, fan, madaniyat hamda biznes sohalari vakillarini birlashtirgan “Sivilizatsiyalar uyg‘unligi va hamkorlik” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Xalqaro Konfutsiy assotsiatsiyasi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan tashkil etildi.
Mazkur forum 2020-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, avvalgi yillarda Pekin, Tokio, Singapur, Parij va Bangkok shaharlarida o‘tkazilgan. Forumning Toshkentda tashkil etilishi O‘zbekistonning Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqot uchun muhim maydonlardan biri sifatidagi o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.
Forumning yalpi majlisida Xalqaro Konfutsiy assotsiatsiyasi raisi Sun Chunlan videomurojaat bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahim Hakimov, Qirg‘izistonning sobiq Bosh vaziri Jo‘omart Otorboyev hamda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 200 nafardan ortiq olimlar, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yu Jun forum Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi xalqaro muloqot kuni doirasidagi tadbirlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, gumanitar aloqalar va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Forum ishlari to‘rtta ixtisoslashgan yo‘nalish bo‘yicha davom etdi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo ruhi” konsepsiyasining tarixiy ildizlari va zamonaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan olimlar forumida Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan yetakchi sinologlar, tarixchilar hamda diplomatlar mintaqaning Xitoy bilan ko‘p asrlik aloqalari va o‘zgarib borayotgan xalqaro sharoitdagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida xalqaro kadrlar tayyorlashga bag‘ishlangan rektorlar forumida Xitoy va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari yangi texnologiyalar ta’sirida ta’lim tizimini transformatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Tadbir doirasida “Global sivilizatsiyalar taraqqiyoti to‘g‘risida”gi ma’ruza ham taqdim etildi.
Gumanitar almashinuvlar va yosh avlodning xalqaro hamkorlikdagi o‘rniga bag‘ishlangan yoshlar forumida davlat idoralari vakillari, yosh tadqiqotchilar va talabalar madaniyatlararo muloqotning ahamiyati hamda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Buyuk Ipak yo‘li tijorat sivilizatsiyasining zamonaviy merosiga bag‘ishlangan tadbirkorlar forumida biznes vakillari, savdo-sanoat birlashmalari va yirik kompaniyalar rahbarlari korporativ ijtimoiy mas’uliyat, ishbilarmonlik etikasi hamda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, “Sivilizatsiyalar uyg‘unligi va hamkorlik” xalqaro forumi Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida gumanitar aloqalarni rivojlantirish, ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda biznes sherikliklarini kengaytirishga xizmat qiladi.