Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abdurahmonov Bobur shahrida Xitoy Sanoat energiya tejamkorligi assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Muloqotda energiya samaradorligini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda qishloq xoʻjaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar energiya tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishdilar.
Uchrashuvda yuqori texnologiyali suv nasoslari va maxsus yongʻin xavfsizligi avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi ham koʻrib chiqildi. Shuningdek, qiymati 16,3 million AQSH dollariga teng boʻlgan Andijon shahridagi “RK-1” markaziy issiqlik qozonxonasini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash loyihasi taqdim etildi. Muzokaralar yakunida investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda qishloq xoʻjaligida innovatsion yechimlarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.