Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bojxona qoʻmitasi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida “Xotin-qizlar yetakchiligi va gender tenglikni taʼminlash: natija va istiqbollar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Kozixonova ishtirok etib, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish hamda inklyuziv boshqaruv tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
Tadbir doirasida huquqni muhofaza qiluvchi va harbiylashtirilgan organlarda xizmat qilayotgan xotin-qizlarni birlashtiruvchi respublika kengashini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Taʼkidlanganidek, mazkur kengash sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun tajriba almashish, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va yetakchilik koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Muloqotning “Xavfsizlik sohasida xotin-qizlar yetakchiligining istiqbollari” mavzusidagi panel muhokamalarida Senat qoʻmitasida doimiy asosda faoliyat yurituvchi senator Malika Qodirxonova ham soʻzga chiqdi. Senator oʻz soʻzida xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, ularning yetakchilik salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish muhimligini taʼkidladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Markaziy bojxona laboratoriyasi, Bojxona rasmiylashtiruvi markazi hamda Targetlash va xavflarni boshqarish markazi faoliyati bilan tanishdilar.