Urgutda 27,4 ming dollarlik “gashish” savdosi toʻxtatib qolindi

Urgut tumanida giyohvandlik vositalari savdosiga chek qoʻyildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Samarqand viloyatida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Urgut tumanida yashovchi 1990, 1998 va 2008-yillarda tugʻilgan uch nafar mahalliy fuqaro 2 kg 80 gr “gashish” moddasini shartli xaridorga 27,4 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Maʼlumotlarga koʻra, ulardan biri muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs boʻlgan. Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunchilikka koʻra, bunday jinoyat uchun 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.