Qashqadaryo viloyatida yer maydonlarini sotish bilan bogʻliq firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqarolar D.A. va I.X. oʻzaro til biriktirib, fuqaro Sh.S.ning ishonchiga kirib, unga 180 mln soʻm evaziga goʻyoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Qarshi shahar, “Bunyodkor” MFY hududidagi davlat zaxirasidagi 6 sotix yer maydonini turar joy toifasiga oʻtkazib, unga egalik huquqini olib berishi hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishlarini aytib, kelishilgan pullar hisobidan 17 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.