Sirdaryo tumanidagi erkin iqtisodiy zonada plastik quvurlar ishlab chiqaruvchi yangi korxona ishga tushirildi. Loyihaga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 15 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Korxona 4,6 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, bu yerda qurilish, kommunal infratuzilma, suv ta’minoti, irrigatsiya tizimlari hamda sanoat tarmoqlarida qo‘llaniladigan polivinilxlorid (PVX), polipropilen va polietilendan tayyorlangan quvurlar ishlab chiqarilmoqda.
Loyiha xitoylik investorlar ishtirokida amalga oshirildi. Korxona vakillarining ma’lum qilishicha, tegishli kelishuvlarga erishilgach, ishlab chiqarish atigi sakkiz oy ichida yo‘lga qo‘yilgan. Mahsulotlar dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlari bozorida mavjud bo‘lgan LESO brendi ostida ishlab chiqarilmoqda.
Korxona rahbari G‘afurjon Axmedovning ta’kidlashicha, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ichki bozordagi mahsulot taklifini oshirish va import o‘rnini qisman bosishga xizmat qiladi. Korxona faoliyati ichki talabni qondirish bilan birga eksport bozorlariga ham yo‘naltirilgan.
Xitoylik investor Chen Chjichjaoning so‘zlariga ko‘ra, zavod zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, mahalliy mutaxassislar asosiy ishlab chiqarish jarayonlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan. Hozirgi vaqtda korxonada turli diametr va vazifalarga ega bo‘lgan 20 ga yaqin turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Yangi korxona ishga tushirilishi natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, korxona faoliyati bilan bog‘liq servis va logistika xizmatlari rivojlanishi hisobiga qo‘shimcha ish o‘rinlari ham yaratilishi kutilmoqda.