Qadimiy sivilizatsiyalar izlari saqlanib qolgan, turli millat va madaniyatlar tutashgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bugun Xitoyning eng muhim strategik hududlaridan biri hisoblanadi. Keng cho‘llar, baland tog‘lar va zamonaviy shaharlar uyg‘unlashgan bu maskan bugun tobora xorijliklarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.
Hududdagi Szinxe uyezdidagi Szinfu hamjamiyati aholisi qo‘mitasi 2013-yil avgust oyida
tashkil etilgan. Uning boshqaruvidagi hudud maydoni 0,34 kvadrat kilometrni
tashkil etadi. Hozirgi vaqtda hududda 57 ta bino mavjud bo‘lib, 1609 ta xonadon
va 4933 nafar aholi istiqomat qiladi.
Uzoq yillar davomida Szinfu hamjamiyati Xitoy millatining umumiy birdamlik g‘oyasini mustahkamlash yo‘lidan borib, mahalliy qog‘ozdan naqsh kesish san'ati madaniyati asosida turli millat vakillari o‘rtasidagi keng muloqot, har tomonlama almashinuv va chuqur o‘zaro hamjihatlikni rivojlantirib kelmoqda.
Bu hamjamiyat turli millat
vakillari o‘zaro uyg‘un va integratsiyalashgan holda yashaydigan maskan
hisoblanadi.
Szinfu hamjamiyatida aholi uchun qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Hamjamiyat markazida fuqarolar bir vaqtning o‘zida bir qator davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Bu yerda ijtimoiy masalalar bo‘yicha murojaatlar qabul qilinadi, zarur ma'lumot va maslahatlar beriladi hamda aholining kundalik ehtiyojlarini tezkor hal etishga xizmat qiluvchi tizim faoliyat yuritadi.
Shuningdek, hamjamiyatda hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda tashkil etilgan hunarmandchilik to‘garaklarida mahalliy aholi an'anaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganib, turli qo‘l mehnati mahsulotlarini tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Bu mashg‘ulotlar nafaqat milliy hunarmandchilik an'analarini asrab-avaylashga, balki aholining bandligini ta'minlash va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Eng e'tiborga molik jihatlardan biri shundaki, to‘garak ishtirokchilari tayyorlagan mahsulotlarni sotish imkoniyatiga ham ega. Buning uchun maxsus savdo maydonchalari va ko‘rgazmalar tashkil etilib, aholining o‘z mehnati mahsulini bozorga chiqarishi qo‘llab-quvvatlanadi. Natijada hunarmandchilik nafaqat madaniy merosni saqlash vositasi, balki iqtisodiy faollikni oshiruvchi muhim yo‘nalishga ham aylangan.
Mahalliy mutasaddilarning ta'kidlashicha, bunday tizim hamjamiyat aholisi o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat vakillarining birgalikda faoliyat yuritishi va tajriba almashishini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu tariqa Szinfu hamjamiyati zamonaviy xizmatlar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va milliy an'analarni uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos namunaviy maskan sifatida rivojlanib bormoqda.
Szinfu hamjamiyati misolida
an'ana va zamonaviy taraqqiyot bir-birini to‘ldirishi mumkinligini ko‘rish
mumkin. Bu yerda aholining farovonligini oshirish, davlat xizmatlarini
qulaylashtirish, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish hamda turli millat
vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan
tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.