Islandiya Shveysariyani ortda qoldirib, yashash uchun dunyodagi eng qimmat mamlakatga aylandi. Bu haqda TT agentligi Islandiya oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining “Viska” kasaba uyushmasi maʼlumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Ekspertlar oʻz hisob-kitoblarida Yevrostat va Islandiya Markaziy banki (Sedlabanki) maʼlumotlariga asoslanishdi.
“Viska” iqtisodchisi Vilxyalmur Xilmarssonning taʼkidlashicha, mamlakatdagi narxlar Shveysariyadagiga qaraganda taxminan 3 foizga yuqori. Narxlarning bunday koʻtarilishiga orol iqtisodiyotining asosini turizm tashkil etishi sabab boʻlgan, bu esa xizmat koʻrsatish sohasida inflyatsiyaning oshishiga va mamlakatdagi ish haqining oʻsishiga olib kelmoqda.
Yana bir sabab sifatida uy-joy narxlarining, jumladan, turizm tarmogʻida ham yuqori ekanligi koʻrsatilgan.
Xilmarssonning fikricha, Islandiya koʻp ishchi kuchi talab qiladigan tarmoqlarga haddan tashqari qaram boʻlib qolgan va bu omil kelgusida ham inflyatsion bosimni yuzaga keltirishda davom etadi.