Senat qoʻmitasida Jahon banki indeksi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi

30.05.2026 15:05 O'zbekiston 2773 ipaknews Senat

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosarining mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, Jahon bankining 2025-yilgi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston mazkur indeksda 190 ta davlat orasida 43 pogʻona yuqorilab, 82,1 ball bilan 48-oʻrinni egalladi. Indeksning 5 ta indikatori – “Harakatlanish erkinligi”, “Oila”, “Mehnatga haq toʻlash”, “Bola parvarishi” hamda “Mulkka egalik qilish” boʻyicha maksimal – 100 ballga erishgan.

Shu bilan birga, tahlillar ayrim yoʻnalishlarda qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini koʻrsatmoqda. Xususan, mehnat munosabatlari, teng ish haqi, ota-onalik majburiyatlari, bolalar parvarishi infratuzilmasi, mulkiy huquqlar hamda pensiya taʼminoti sohalarida mamlakat koʻrsatkichlarini yanada yaxshilash imkoniyatlari mavjud.

Majlisda mazkur yoʻnalishlarda Oʻzbekistonning xalqaro reytingdagi oʻrnini yanada mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Xususan, masʼul vazirlik va idoralarga mehnat munosabatlari, teng ish haqi siyosati, otalik va onalik huquqlarini takomillashtirish, xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, amalga oshirilgan islohotlar boʻyicha asosli maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish hamda indeks natijalari yuzasidan muntazam tahlil va amaliy takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklatildi.

Shuningdek, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazorati oʻrnatilishi, mutasaddi tashkilotlar tomonidan har chorakda axborot taqdim etib borilishi belgilandi.

Majlis soʻnggida xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, mamlakatning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini yanada yaxshilash boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish muhimligi taʼkidlanib, kun tartibidagi masala yuzasidan Qoʻmita qarori qabul qilindi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.