Xitoy bilan investitsiyaviy hamkorlik kuchaymoqda

Jizzax viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Xitoy davlatida amaliy xizmat safarida boʻlib turibdi. Tashrif doirasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish tajribalarini oʻrganishga alohida eʼtibor qatilmoqda.

Henan provinsiyasi gubernatori Van Kay bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, eksport-import hajmini oshirish va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi. Jumladan, Jizzaxda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Henan tajribasi asosida qayta ishlash, maishiy chiqindilarni saralash orqali oʻndan ziyod mahsulotlar ishlab chiqarish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, logistika markazlarini tashkil etish kabi bir nechta takliflar ilgari surildi va ularni amaliy jihatdan koʻrib chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, viloyat delegatsiyasi “Henan Investment Group” kompaniyasi rahbariyati bilan ham uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot davomida sanoat, energetika, qurilish va ishlab chiqarish yoʻnalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni Jizzax viloyatida yoʻlga qoʻyish hamda texnologiyalar transfer masalalari muhokama qilindi.

— Bugungi kunda Xitoy davlatining oʻzida ham yuqori xaridorgir boʻlgan ishlab chiqarish liniyalari, innovatsion texnologiyalarni viloyatga olib borish hamda zamonaviy korxonalarning Oʻzbekistonda vakolatxonalarini ochish, qoʻshma korxonalar tuzish boʻyicha shartnomalar imzolandi, — deydi Jizzax viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Azizjon Ibragimov. — Mazkur viloyat rahbariyati va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatiga yangi investitsiyalarni jalb qilish, ilgʻor sanoat tajribalarini oʻrganish hamda Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.