11
11

Uchkoʻprikda Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi 50 dan ortiq korxona faoliyat koʻrsatmoqda

Uchkoʻprik tumanida keyingi yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xususan, tikuv-trikotaj sohasi jadal rivojlanmoqda. Shu bois tumandagi oʻndan ortiq mahalla keng assortimentdagi kiyim-kechaklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Misol uchun, birgina “Boboshbek” MFY hududidagi oilalar hamda hududdagi sanoat zonasida zamonaviy mezonlar asosida tayyorlanayotgan ayollar, bolalar kiyimlari MDH davlatlari, Osiyo va Yevropa qitʼasi bozorlarida allaqachon xaridorgir mahsulotga aylanib ulgurgan.

Ayni jarayonda yurtimizda mahalliy tadbirkorlar va xorijlik investorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlarga oʻz faoliyatini jahon andozalari darajasida rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani ushbu yutuqlarda muhim omil boʻlib xizmat qilayotir. Natijada xorijlik sarmoyadorlarning hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlari koʻlami tobora kengayib bormoqda.

Bugun Uchkoʻprik tumanida birgina Xitoy investitsiyasi ishtirokida turli yoʻnalishda 50 dan ortiq ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Tumanda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan istiqbolli loyihalardan biri “Andelai” xorijiy korxonasi hisoblanadi. Loyihaning umumiy qiymati 13,1 milliard soʻmdan ziyodni tashkil etib, bu korxonada 50 turdagi erkaklar hamda bolalar koʻylaklari tayyorlash imkonini yaratdi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4

Hozirgi kunda korxonada 100 nafardan ziyod xotin-qizlarning doimiy bandligi taʼminlangan. Shu yilning oʻtgan davrida bu yerda 60 ming donadan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, uning salmoqli qismi eksportga joʻnatildi.

—Tabiiy ipakdan tayyorlanadigan koʻylaklarimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorida oʻz oʻrniga ega,—deydi qoʻshma korxona rahbari Jiang Guineng.—Eksport geografiyasi va hajmini oshirish maqsadida yana bir qator xorij davlatlarida savdo uylarini ochish hamda yil mobaynida mahsulot yetkazib berish maqsadida amaliy ishlarga kirishilgan.

Bu yangi biznes-loyihalarni hayotga tatbiq etish, korxonaning oʻzida kasbga oʻqitish markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda yuqori daromadli qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Aytish joiz, joriy yilning birinchi yarmida tumanda 2,5 trln soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mahalliy byudjetga 92 mlrd 200 mln soʻmga yaqin mablagʻ tushirildi. Yangitdan 110 ta kichik biznes subyekti tashkil etildi, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 1,7 trln soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi.