Xitoyda Sirdaryo uchun yangi sanoat loyihalari muhokama qilinmoqda

Shu kunlarda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Safar doirasidagi dastlabki uchrashuv HKS kompaniyasi rahbariyati bilan boʻldi. Muloqotda Sirdaryo viloyatida yarim oʻtkazgichli displeylar, smart elektronika va maishiy texnika ishlab chiqarishni qamrab olgan zamonaviy sanoat klasterini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Loyiha yuzasidan ishlab chiqarish quvvatlari, logistika, mutaxassislar tayyorlash va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Shuningdek, ayni kunlarda kompaniyaning Sirdaryo viloyatida boʻlib turgan ishchi guruhining dastlabki xulosalariga ham muhokamada toʻxtalib oʻtildi.

Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan hududlarda yuqori qoʻshilgan qiymatli sanoatni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish boʻyicha belgilangan vazifalarga alohida urgʻu berildi.

Bugun Sirdaryo viloyati delegatsiyasi qator kompaniya vakillari bilan muzokaralar oʻtkazmoqda.

Uchrashuvlar asosan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 11-mart kuni oʻtkazilgan selektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar doirasida Sirdaryo viloyatida kimyo sanoatini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yoʻlga qoʻyish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga bagʻishlandi. Xususan, Oqoltin tumanida 100 gektar maydonda kimyo sanoatiga ixtisoslashgan yirik sanoat hududini tashkil etish, ushbu hududda 200 taga yaqin loyihalarni amalga oshirish masalalari TK China Group, China Ocean Capital, Tyanszin texnologiya universiteti sanoat markazi, Huajian Group zamonaviy arxitektura instituti hamda Oʻzbekiston-Xitoy Savdo palatasi vakillari bilan atroflicha muhokama qilindi.

Muloqotlarda shuningdek, zamonaviy texnologiyalar, infratuzilma, investitsiyalarni jalb qilish, yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.