Turfan shahrining To‘ksun tumanida ertapishar mevalar mavsumi boshlandi. Bozorlarga issiq iqlim va quyoshli kunlar ko‘pligi sabab shirin ta’mi bilan ajralib turadigan qovun, o‘rik hamda boshqa mavsumiy mevalar chiqarilmoqda.
Mahsulotlarni tezkor yetkazib berish maqsadida hududda maxsus pochta-logistika tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Tumanda 13 ta mahsulot yig‘ish punkti tashkil etilib, ularda mevalarni saralash, qadoqlash va ishlab chiqarish hududining o‘zidan jo‘natish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yetkazib berish tezligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sovutish zanjiri va aviaqatnovlar orqali yangi uzilgan mevalar iste’molchilarga hosil yig‘ib olinganidan keyin 48 soat ichida yetkazilmoqda. Dastlabki ikki kun ichida Shinjon hududidan tashqariga yuborilgan mahsulot hajmi 100 tonnadan oshdi, onlayn savdo buyurtmalari esa 10 mingdan ko‘proqni tashkil etdi.
Logistika va elektron tijorat tizimining rivojlanishi mahalliy fermerlarga bozorlarga tezroq chiqish, daromadlarini oshirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, bu jarayon qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti hamda zamonaviy ta’minot zanjirlarining rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Agrosanoat, elektron savdo va tezkor logistika uyg‘unligiga asoslangan bunday model Markaziy Osiyoning qishloq xo‘jaligi hududlari uchun ham amaliy ahamiyat kasb etadi.