Huawei Digital Power “O‘zbekiston Energetika haftaligi – 2026 (UEW)”da yashil innovatsiyalarni ilgari surmoqda.

2026-yil 12–14-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ko‘magida Toshkent shahrida 28-marta “O‘zbekiston Energetika haftaligi – 2026” bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbir yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasidagi bir qator muhim ko‘rgazma va konferensiyalarni birlashtiradi, jumladan “O‘zbekiston Energetika forumi” ishbilarmonlik dasturi hamda “Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasini o‘z ichiga oladi.

Huawei kompaniyasining Digital Power bo‘limi Platin homiy sifatida “haftalik” tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. “Making the Most of Every Ray” (Har bir nurning maksimal samarasi) umumiy mavzusi ostida Huawei Digital Power sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va xavfsizlik yechimlarini integratsiya qilish orqali quyosh energiyasini maksimal darajada yig‘ish, saqlash va iste’mol qilishga qaratilgan past uglerodli intellektual energetika yechimlarini taqdim etmoqda. Shuningdek, kompaniya zamonaviy energetika tizimlarida quyosh energiyasining o‘zgarib borayotgan roliga doir o‘z qarashlari va istiqbolli yondashuvlarini baham ko‘rmoqda, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi ortib borishi bilan tarmoq barqarorligi, tizim ishonchliligi va uning hayotiy siklining ahamiyati tobora oshib borayotganini ta’kidlamoqda. 

“O‘zbekiston energetika haftaligi – 2026” doirasida Huawei kompaniyasi nomidan Huawei’ning O‘zbekistondagi direktori janob Tan Syaosyan hamda Huawei Digital Power’ning Smart PV & ESS mahsulot yo‘nalishi bo‘yicha vitse-prezidenti va marketing direktori Erik Chjun (Eric Zhong) ishtirokida Energetika vazirligi va Silk Road Energy Planning and Engineering kompaniyasi bilan energetika tizimi obyektlarida zamonaviy sinovlarni o‘tkazish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandum energetika tizimining ishonchliligi va barqarorligini oshirish, elektr tarmoqlarini xavfsiz boshqarish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini samarali integratsiya qilishga qaratilgan. Erishilgan kelishuvlar doirasida tomonlar real vaqt simulyatorlari va Hardware-in-the-Loop (HIL) texnologiyalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu esa elektr stansiyalari va boshqaruv tizimlarini real ekspluatatsiya sharoitiga maksimal darajada yaqin bo‘lgan, jumladan avariya holatlarida ham xavfsiz sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Memorandum texnologik hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda O‘zbekiston energetika tizimining xavfsizligi va samaradorligini yanada mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Huawei ekspertlari forum doirasidagi yalpi sessiyalarda ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Erik Chjun “O‘zbekistonda aqlli energetika: raqamlashtirish va energiya samaradorligining sinergiyasi” (“Smart Energy in Uzbekistan: Synergy of Digitalisation and Energy Efficiency”) mavzusidagi sessiyada qatnashib, O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyot sari tez sur’atlarda harakat qilayotganini hamda quyosh va shamol energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yuksak maqsadlarini ta’kidladi. U o‘zining asosiy nutqida so‘nggi o‘n yil ichida fotoelektrik, shamol va energiya saqlash texnologiyalari butun dunyo bo‘ylab sezilarli o‘sishni namoyon etganini qayd etdi. Biroq qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi oshib borishi bilan, ishlab chiqarish, elektr tarmog‘i va iste’mol darajalarida tizim muvozanati va barqarorligi bilan bog‘liq yangi chaqiriqlar yuzaga kelayotganini ta’kidladi.

“Energetika kelajagi faqat ko‘proq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish haqida emas — balki qayta tiklanuvchi energiyani an’anaviy energiya tizimlari kabi barqaror, ishonchli va chidamli qilish haqida hamdir. Huawei’da biz Grid-Forming Energy Storage’ni energetik o‘tish jarayonidagi yetishmayotgan bo‘g‘in deb hisoblaymiz. Kuch elektronika, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va ilg‘or energiya saqlash tizimlarini birlashtirish orqali biz katta miqyosdagi qayta tiklanuvchi energiyani integratsiya qilish uchun zarur bo‘lgan virtual inersiyani ta’minlay olamiz hamda kelajak uchun davomlu, intellektual va barqaror energiya tizimini yaratamiz.” — dedi Erik Chjun.


Huawei kompaniyasining energetika tizimiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish bo‘yicha direktori Doktor Karlos Alvares Ortega “Qayta tiklanuvchi va an’anaviy energiya manbalari” mavzusidagi muhokama jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan energiya tizimlari duch kelayotgan chaqiriqlar haqida so‘z yuritdi hamda Huawei tomonidan taklif etilayotgan tarmoqni shakllantirish bo‘yicha yechim va yondashuvlar ushbu muammolarni samarali hal etish va energiya tizimi barqarorligini ta’minlash imkonini berishini ta’kidladi. Shuningdek, Doktor Karlos Alvares Ortega yuqorida tilga olingan memorandum doirasida HIL simulyatorlari asosida sinovlar o‘tkazish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning ahamiyatini qayd etdi va ushbu hamkorlik O‘zbekistonning energetika tizimlarini rivojlantirishiga hamda 2050-yilga borib uglerod neytralligiga erishish maqsadiga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari - Power Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasida Huawei kompaniyasi energetika sohasi uchun mo‘ljallangan o‘z yechimlari qatorini namoyish etmoqda. Kompaniyaning ko‘rgazma zonasida fotoelektrik elektr stansiyalari, tijorat sektori va turar joy majmualari uchun “PV+ESS+Charger” mahsulotlari, energiya saqlash tizimlari, elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalari, shuningdek FusionSolar 9.0 Smart PV Solution ilg‘or yechimi taqdim etildi. Ushbu yechim 506 kVt quvvatga ega yangi avlod invertorini o‘z ichiga oladi. Qurilma kompleks tarzda yaxshilangan texnik xususiyatlarga ega bo‘lib, kuch elektronikasidagi muhim yutuq hisoblanadi. U yirik quyosh elektr stansiyalarining umumiy xarajatlarini kamaytirish hamda yanada yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston Energetika haftaligi - UEW 2026”da 580 ta kompaniya va brend, 140 ta spiker va moderator hamda 34 ta mamlakatdan 1 500 dan ortiq delegat ishtirok etmoqda. “Energetika, energiya tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi 2026-yil 14-maygacha CAEx Uzbekistan ko‘rgazma majmuasida bo‘lib o‘tmoqda.