Qozogʻistonning Aqtau shahri yaqinida “Ozarbayjon havo yoʻllari” (AZAL) aviakompaniyasining yoʻlovchi samolyoti halokati yuzasidan olib borilgan tergov natijalari yaqin kunlarda eʼlon qilinishi mumkin. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: Reuters
Ozarbayjon Bosh prokuraturasi Tergov boshqarmasi boshligʻi Neymar Avazovning aytishicha, tergov uch davlat tomonidan olib borilmoqda. 100 ga yaqin ekspertiza tayinlangan. Ozarbayjonlik mutaxassislar Qozogʻistonda keng koʻlamli muhokamalar oʻtkazgan.
Avvalroq, Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlarni buzmoqchi boʻlganlar nima qilayotgani haqida yaxshilab oʻylab koʻrishlari kerakligini aytgan edi. “Oʻylaymanki, ikki xalq uchun doʻstlik munosabatlari nihoyatda muhim va ularni buzmoqchi boʻlganlar nima qilayotgani haqida yaxshilab oʻylab koʻrishlari kerak”, — deydi Zaxarova.
Avvalroq BMT Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik tashkilot Rossiya va Ozarbayjon munosabatlarida keskinlik kuchayganidan xabardor ekanligini va mojaroni diplomatiya yoʻli bilan hal etish tarafdori ekanini aytgan edi. U “Sputnik” jurnalistlarining Bokuda hibsga olinishini izohlar ekan, rasmiy mojaro tomonlari matbuotning toʻsiqsiz ishlashini kafolatlashiga umid bildirdi.