Xitoy va AQSH yetakchilarining Pekindagi uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarda yangi muhim bosqich bo‘ladi
Si Szinpinning taklifiga binoan Donald Tramp 13–15 may kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyga boradi. Bu Janubiy Koreyaning Pusan shahrida yarim yildan ko‘proq vaqt avval o‘tgan muzokaralardan keyin Xitoy va AQSH yetakchilarining ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi. Shuningdek, bu so‘nggi to‘qqiz yil ichida AQSH prezidentining Xitoyga ilk tashrifi hisoblanadi.
Dunyodagi eng muhim ikki tomonlama munosabatlardan biri sifatida Xitoy–AQSH aloqalari barcha tomonlarning e’tiborini tortadi va global vaziyatga ta’sir ko‘rsatadi. Trampning Xitoyga tashrifi rasman e’lon qilingach, ikki davlat yetakchilarining bo‘lajak uchrashuvi darhol jahon OAV diqqat markaziga aylandi.
Davlat rahbarlari diplomatiyasi — “barqarorlashtiruvchi omil”
Yuqori darajadagi diplomatiya doimo Xitoy–AQSH munosabatlarining “barqarorlashtiruvchi omili” bo‘lib kelgan. Ikki davlat yetakchilarining har bir uchrashuvi va har bir batafsil suhbati ikki tomonlama aloqalar rivojidagi muhim bosqichga aylanadi.
Shakllangan amaliyotga ko‘ra, yetakchilar uchrashuvidan oldin ikki tomonning ishchi guruhlari oldindan maslahatlashuvlar o‘tkazib, muzokaralar kun tartibini tayyorlaydi. 30 aprel kuni Van I AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot qildi. Bundan tashqari, 12–13 may kunlari Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi va Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Xitoy–AQSH savdo-iqtisodiy maslahatlashuvlarida delegatsiyaga boshchilik qiladi. Diplomatik va iqtisodiy sohalardagi faol aloqalar tashqi kuzatuvchilar tomonidan bo‘lajak sammitga muhim tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.
So‘nggi paytlarda Xitoy va AQSH munosabatlari umuman olganda barqarorlikni saqlab kelmoqda. Xitoy xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Su Syaoxueyning ta’kidlashicha, yetakchilar diplomatiyasi Xitoy va AQSH munosabatlari rivojida almashtirib bo‘lmaydigan strategik yo‘naltiruvchi rol o‘ynaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tomonlarga niyatlarni yaxshiroq tushunish, strategik xatolarning oldini olish, hamkorlik maydonini kengaytirish, kelishmovchiliklarni nazorat qilish va ikki tomonlama aloqalarning umumiy yo‘nalishini saqlab qolishga yordam beradi. Maqsad esa strategik, konstruktiv va barqaror munosabatlarni shakllantirishdan iborat.
Joriy yil Xitoy–AQSH munosabatlari uchun “katta yil” deb baholanmoqda. Noyabr oyida Shenchjenda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi yetakchilarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, dekabr oyida esa G20 sammiti AQSHning Florida shtatidagi Mayami shahrida tashkil etiladi. Mutaxassislar fikricha, Pekindagi bo‘lajak uchrashuv joriy yildagi eng muhim yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalarning umumiy yo‘nalishini belgilab berishi mumkin.
Tayvan masalasi Xitoy–AQSH munosabatlarining siyosiy asosiga ta’sir qiladi
Tayvan masalasi Xitoy–AQSH munosabatlaridagi eng muhim va eng nozik mavzu hisoblanadi. U ikki davlat yetakchilarining bo‘lajak uchrashuvidagi asosiy mavzulardan biri sifatida ham ko‘rilmoqda.
So‘nggi paytlarda Xitoy rahbarlari Tramp bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan respublikachi senator Stiv Deyns bilan uchrashuvlarda bir necha bor “Tayvan masalasi Xitoyning tub manfaatlariga daxldor bo‘lib, Xitoy–AQSH munosabatlaridagi kesib o‘tib bo‘lmaydigan birinchi qizil chiziq” ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Amerika tomoni “Yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilishi va Tayvan bilan bog‘liq masalalarda ehtiyotkor yondashishi kerakligi qayd etildi.
Aslida, Trampning Oq uyga qaytganidan beri Tayvan mavzusi ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi aloqalarda bir necha bor ko‘tarilgan. Si Szinpin Tramp bilan avvalgi telefon suhbatlarida “Tayvan masalasi Xitoy–AQSH munosabatlaridagi eng muhim masala” ekanini aytib, AQSHni ehtiyotkorlikka chaqirgan, chunki bu masala Xitoyning davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga daxldor.
Su Syaoxuey fikricha, Tayvan masalasi Xitoy–AQSH munosabatlarining siyosiy asosiga ta’sir qiladi. Faqat prinsipial pozitsiyalar aniq tushuntirilgan taqdirdagina murakkab xalqaro vaziyat sharoitida ikki tomonlama aloqalarning asosiy barqarorligini saqlab qolish mumkin.
Fudan universiteti xalqaro tadqiqotlar instituti direktori U Sinboning ta’kidlashicha, Xitoy tomoni uchun prinsipial pozitsiyani aniq tasdiqlash strategik xatolarning oldini olish uchun zarur. AQSH tomoni uchun esa Tayvan masalasiga qanchalik ehtiyotkor yondashilishi bo‘lajak uchrashuv muhiti hamda ikki davlat o‘rtasidagi keyingi munosabatlar barqarorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiy hamkorlik — amaliy natijalar manbai
Iqtisodiy hamkorlik Xitoy–AQSH munosabatlarining “barqarorlik tayanchi” hisoblanadi. Dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot sifatida Xitoy va AQSH savdo-iqtisodiy aloqalarga katta ahamiyat beradi. Bu aloqalar global iqtisodiyot barqarorligi va rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
Janubiy Koreyadagi bo‘lajak maslahatlashuvlardan tashqari, 30 aprel kuni Xe Lifen AQSH moliya vaziri Skott Bessent va AQSH savdo vakili Jeymison Grir bilan videomuloqot o‘tkazdi. Tomonlar Xitoy–AQSH savdo-iqtisodiy maslahatlashuv mexanizmidan samarali foydalanishni davom ettirish, o‘zaro tushunishni mustahkamlash, kelishmovchiliklarni nazorat qilish, hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy aloqalarning sog‘lom, barqaror hamda uzoq muddatli rivojlanishiga ko‘maklashishga kelishib oldi.
Yetakchilar aloqalarining yangi bosqichi fonida iqtisodiy soha “ko‘rinadigan natijalar”ga erishish uchun eng ehtimolli yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda. Tramp tashrifi arafasida Jeymison Grir Xitoy bilan barqaror munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, AQSH Xitoy iqtisodiyotini qayta qurishni maqsad qilmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, xorijiy OAV xabarlariga ko‘ra, Amerika tomoni yirik korporatsiyalar rahbarlarini delegatsiya tarkibida Xitoyga tashrifga jalb qilmoqda.
Bu jihat alohida e’tiborni tortmoqda. Vashingtondan Pekinngacha aynan biznes doiralari bozor muhitidagi o‘zgarishlarni boshqalardan oldinroq his qiladi. Su Syaoxuey fikricha, AQSH tomonining bunday qadamlari tashrif savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyati sifatida ko‘rilayotganini ko‘rsatadi. Barqaror va oldindan prognoz qilinadigan iqtisodiy munosabatlarni saqlash esa har ikki davlatning umumiy manfaatlariga mos keladi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat ham kun tartibidan o‘rin oladi
Tashrifning o‘zi juda noodatiy xalqaro vaziyatda o‘tmoqda. Dastlab mart oyiga rejalashtirilgan Trampning Xitoyga safari Eron atrofidagi vaziyat sababli qoldirilgan edi. Endi tashrif amalga oshadigan bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat ham ikki davlat yetakchilari muhokama qiladigan mavzulardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Hozirda Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mintaqasi urush va tinchlik orasidagi muhim bosqichda turibdi. Xitoy pozitsiyasi o‘zgarmay qolmoqda: eng ustuvor vazifa — zudlik bilan va to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishdir. Shu bilan birga, yirik davlatlar konstruktiv rol o‘ynab, o‘z ta’siridan tinchlik yo‘lida foydalanishi kerak.
U Sinboning aytishicha, Eron masalasi bo‘yicha Xitoy va AQSH o‘rtasidagi aloqalarning saqlanib qolayotgani ham amaliy ahamiyatga ega. Hozirgi Yaqin Sharqdagi vaziyat global energetika xavfsizligi, dengiz yuk tashuvlari barqarorligi va mintaqaviy tartibga ta’sir qilmoqda. Na Xitoy va na AQSH vaziyat nazoratdan chiqib ketishidan manfaatdor emas. Agar yetakchilar uchrashuvi yakunida mintaqaviy barqarorlikni saqlash masalasida ma’lum bir umumiy yondashuv namoyish etilsa, bu muhim xalqaro samara beradi.
Pusandan Pekinga qadar bo‘lgan yo‘lda Xitoy va AQSH yetakchilarining bo‘lajak shaxsiy uchrashuvi yana bir bor ikki tomonlama munosabatlar yo‘nalishini muhim pallada qayta belgilashga urinish bo‘ladi. Xitoy–AQSH munosabatlari ikki xalq farovonligiga daxldor bo‘lib, jahon tartibi barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bo‘lajak uchrashuv qanday signal berishini esa butun dunyo diqqat bilan kuzatishda davom etadi.