Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan 7 may kuni Pekindagi Xalq yig‘inlari uyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
Uchrashuv davomida Li Syan so‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston yuqori darajadagi yaqin aloqalarni saqlab kelayotganini, ikki tomonlama munosabatlar esa izchil chuqurlashib va mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
U Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan belgilangan strategik yo‘nalishga amal qilish, siyosiy o‘zaro ishonchni mustahkamlash, bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlash, savdo va investitsiyalar, energetika va resurslar, transport-kommunikatsiya bog‘liqligi hamda gumanitar almashinuv kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish orqali Xitoy va O‘zbekiston yagona taqdir hamjamiyatini barpo etishda yangi natijalarga erishishga tayyor ekanini bildirdi.
Li Syanning qayd etishicha, murakkab va ziddiyatli xalqaro vaziyat sharoitida tomonlar ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirishi, to‘rtta global tashabbusni faol amalga oshirishi hamda xalqaro tartibning yanada adolatli va oqilona yo‘nalishda rivojlanishiga ko‘maklashishi zarur.
Abdulla Aripov esa O‘zbekiston tomoni “Yagona Xitoy” tamoyiliga qat’iy amal qilishini, yuqori darajadagi aloqalarni davom ettirishga, Bir makon, bir yo‘l tashabbusi doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etishga, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik darajasini oshirishga, shuningdek ko‘p tomonlama muvofiqlashtirish va hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi qayd etildi.