“BMT-ayollar” tuzilmasi vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 29-aprel kuni Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Kozixonova “BMT-ayollar” tuzilmasi Markaziy Osiyo boʻyicha muvofiqlashtiruvchi ofisi rahbari, Oʻzbekistondagi “BMT-ayollar” tuzilmasi ofisi rahbari vazifasini bajaruvchi Jeren Guven Guresh bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida soʻz yuritildi.

Muloqot chogʻida Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumini yuqori saviyada tashkil etishga doir tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar oʻzaro hamkorlik yuksak ahamiyatga ega ekanini va uning izchil va uzviy ravishda rivojlantirilishi zarurligini taʼkidlab, bu yoʻnalishda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, boʻlajak Forum mazmunini boyitish, uni amaliy natijalarga yoʻnaltirish va yakuniy hujjatni aniq taklif va tavsiyalarga asoslangan holda ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. “BMT-ayollar” tuzilmasi mazkur hujjat loyihasini xalqaro ekspertlar ishtirokida puxta ishlab chiqishda amaliy koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.

Forum doirasida yuqori malakali mutaxassislar, xalqaro ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislarni keng jalb qilish, panel sessiyalar mavzularidan kelib chiqib, nufuzli maʼruzachilar ishtirokini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda gender tenglikni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni izchil amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.