11
11

Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tomonlar Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligini muhokama qildilar. Mirziyoyeva soʻnggi oʻn yil ichida mamlakatning BMT bilan munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilganini, tashkilot esa Oʻzbekiston tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim maydonga aylanganini taʼkidladi.

Ushbu davr mobaynida prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi majlislarida besh marta ishtirok etdi. Oʻzbekiston barqaror rivojlanish, mintaqaviy hamkorlik va ekologiya sohasida, shu jumladan, Orol dengizining qurishi oqibatlari bilan bogʻliq tashabbuslarni ilgari surdi.

Antoniu Guterrish 2017 va 2024-yillarda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston prezidenti va BMT Bosh kotibi oʻrtasida oliy darajada jami beshta uchrashuv boʻlib oʻtdi.

“Xalqaro munosabatlar tizimi uchun murakkab boʻlgan hozirgi davrda global miqyosda yetakchilik salohiyatini namoyon etayotgani hamda xavfsizlikning barcha asosiy jabhalarida mamlakatimizni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun janob Guterrishga samimiy minnatdorlik bildiraman”, — deb qayd etdi Mirziyoyeva.