BMT vakili Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi

10-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar boʻyicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Mahir Safarli bilan uchrashdi. Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, muloqot davomida tomonlar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini, shuningdek, Oʻzbekistonning Afgʻoniston xalqiga gumanitar va ijtimoiy yordam koʻrsatishdagi rolini muhokama qilgan.

Mahir Safarli Termiz shahrida yaratilgan transport-logistika infratuzilmasi imkoniyatlarini yuqori baholadi hamda Afgʻoniston xalqini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini qayd etgan.

BMT Qochqinlar boʻyicha oliy komissari boshqarmasi vakili tashkilot faoliyatini doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, shuningdek, qoʻshni Afgʻoniston xalqiga muntazam gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgani uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan.

Uchrashuvda, shuningdek, bugungi kunda Oʻzbekiston–Afgʻoniston chegarasi BMTning gumanitar institutlari yuklarini yetkazib berish uchun ishonchli koridor boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlangan.