Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT), oʻgʻirlangan, yoʻqolgan va noqonuniy olib chiqilgan sanʼat asarlari, antikvariat va madaniy boyliklarni qidirish bilan shugʻullanuvchi xalqaro ixtisoslashgan kompaniya — Art Loss Register, Metropolitan Police Service, Britaniyaning tegishli tuzilmalari hamda xalqaro ekspertlar hamkorligida Oʻzbekistonga jahon ahamiyatiga ega nodir va noyob shedevrlar qaytarilmoqda.Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Londonda, Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlangan “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida xalqaro media-tadbir boʻlib oʻtdi. Unda yetakchi britan va xorijiy tarixchilar, sharqshunoslar, diplomatik korpus vakillari, ilmiy jamoatchilik, madaniy doiralar va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. Kecha davomida Amir Temur shaxsiyati, uning jahon tarixidagi oʻrni, Temuriylar davri yutuqlari, shuningdek Oʻzbekistonda tarixiy merosni asrashga qaratilgan zamonaviy tashabbuslar haqida maxsus materiallar taqdim etildi. Tadbirning alohida voqeasi sifatida jahon miqyosidagi mashhur britan aktyori ser Ben Kingsli ishtirokida yaratilgan “Temuriylar oltin davri” nomli yangi qisqa metrajli film premyerasi namoyish etildi.
WOSCU tomonidan “Oʻzbekiston madaniy merosi Jahon toʻplamlarida” turkumi doirasida tayyorlangan yangi nashr — Firuza Melvilning Kembrij universiteti kutubxonalaridagi Markaziy Osiyo qoʻlyozma merosiga bagʻishlangan kitobi taqdimoti ham katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbirning eng muhim qismi Oʻzbekistonga madaniy boyliklarni qaytarish marosimi boʻlib, u ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Qaytarilgan buyumlar orasida Markaziy Osiyo tarixining turli davrlariga oid oʻnta bebaho artefakt bor. Ular orasida Kushonlar davri madaniyati, qadimgi Termiz, buddaviy sanʼat anʼanalari va Sugʻd merosi bilan bogʻliq topilmalar mavjud. Ayrim ashyolar milodiy II–VIII asrlarga tegishli. Shuningdek, qaytarilgan meros orasida podshohlik shaxsiga tegishli boʻlgan noyob temuriylar davri kenotafi ham bor.
— Tarixiy artefaktlarni qaytarish bir necha oy davom etgan keng qamrovli va murakkab xalqaro hamkorlik natijasi boʻldi. Bu jarayonda turli mamlakatlardan oʻnlab mutaxassislar, ekspertlar, huquqshunoslar, sanʼatshunoslar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirok etdi. Qaytarish jarayoni mazkur ashyolar Oʻzbekiston hududidan kelib chiqqan boʻlishi mumkinligi haqida maʼlumot tushgandan soʻng boshlandi. Keyinchalik xorijiy mutaxassislar, WOSCU aʼzolari, sanʼat tarixi boʻyicha olimlar va madaniy meros ekspertlari ishtirokida xalqaro ishchi guruh tuzildi. Bugun ushbu muhim dasturni amalga oshirishda ishtirok etgan barcha hamkorlarga, Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasiga, ayniqsa, YXHT, Art Loss Register, Metropolitan politsiyasi, Britaniya davlat tuzilmalari, xalqaro ekspertlar va barcha sheriklarga samimiy minnatdorlik bildiramiz, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqov.
Qaytarish jarayonida WOSCU hal qiluvchi oʻrin tutdi. U soʻnggi yillarda Oʻzbekiston madaniy merosini xorijiy toʻplamlardan izlash, oʻrganish va qaytarish boʻyicha eng samarali xalqaro mexanizmlardan biriga aylandi.
— Buyuk Britaniya huquqni muhofaza qilish organlari uchun madaniy boyliklarni qonuniy egasiga qaytarish noqonuniy aylanmaga qarshi kurashda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Biz bugun ushbu madaniy boyliklarni Oʻzbekiston xalqiga topshirish imkoniga ega boʻlganimizdan faxrlanamiz. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madaniyat, tarixiy xotira va milliy merosni qaytarish masalalariga qaratayotgan yuksak eʼtiborini koʻrib turibmiz. Bu kabi tashabbuslar uchun muhim sharoit yaratadi va turli mamlakatlarni ezgu maqsad yoʻlida birlashtiradi, — dedi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻlimi rahbari, detektiv-superintendant Kerri Vud.
Mutaxassislar bahosiga koʻra, qaytarilgan obyektlar orasida milodiy II–V asrlarga tegishli boʻlgan gips va terrakotadan ishlangan haykal boshlari alohida ahamiyatga ega. Bunday asarlar Kushonlar davri madaniyati va qadimgi Termizning buddaviy sanʼat markazlari — Qoratepa, Fayoztepa va Dalverzintepaga xosdir. Shuningdek, qadimiy devoriy rasmlar parchalari ham katta qiziqish uygʻotadi. Ularning ayrimlari VII–VIII asrlarga oid sugʻdiy anʼanalar yoki Oʻzbekiston janubidagi yanada qadimiy monumental maktablar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
— Qaytarilgan buyumlar oʻta katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega. Ular hozirgi Oʻzbekiston hududining turli davrlariga tegishli boʻlib, Markaziy Osiyoda asrlar davomida kechgan sivilizatsion jarayonlarni aks ettiradi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Antropologiya instituti direktori, doktor Farhod Maqsudov.
Toshkentga keltirilgandan soʻng, ushbu ashyolar qoʻshimcha atributsiya, restavratsiya tekshiruvi va ilmiy tavsifdan oʻtkaziladi. Bu ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish va Oʻzbekiston tarixiy xotirasining qaytarilgan qismi sifatida keng jamoatchilikka ilk bor namoyish etish imkonini beradi.
Marosim doirasida rasmiy hujjatlar imzolandi va qaytarilgan madaniy boyliklarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qonuniy topshirishni tasdiqlovchi sertifikatlar almashildi. Bu voqea xalqaro hamkorlik, tarixiy adolatni tiklash va bebaho relikviyalarni oʻz Vataniga qaytarishning muhim ramzi boʻldi.
— Bu voqea yangi bosqichning boshlanishi boʻlishi mumkin: Londondan soʻng Oʻzbekistondan chiqqan ashyolar saqlanayotgan boshqa mamlakatlarda ham shunday jarayonlar kuzatilishi ehtimoldan xoli emas. Bunday misollar xalqaro hamkorlik va madaniy merosga masʼuliyatli munosabat tarixiy adolatni tiklashga xizmat qilishini koʻrsatadi, — dedi Art Loss Register raisi Jeyms Ratkliff.
Ushbu voqea xalqaro hamkorlik, ishonch, huquqiy masʼuliyat va tarixiy adolatni tiklashning muhim timsoliga aylandi.