Joriy yilning 24-26-aprel kunlari Shanxay shahrida “Oʻzgarishlar davri: innovatsiyalar va global boshqaruv” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Dunyoning 50 dan ortiq davlatlaridan 400 ga yaqin olimlar va ekspertlarni jamlagan mazkur forumda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati xabariga koʻra, “Shanxay – 2026” xalqaro forumida asosiy eʼtibor kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat, tez surʼatlarda kechayotgan texnologik oʻzgarishlar hamda barqaror rivojlanish bilan bogʻliq global chaqiriqlarni tahlil qilish va muhokama etishga qaratildi. Forum mazmunan – sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot va global boshqaruv, yirik davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar va mintaqaviy boshqaruv, shuningdek, “umumiy kelajak” konsepsiyasi doirasida barqaror rivojlanish masalalari kabi uchta ustuvor yoʻnalish asosida tashkil etildi.
Aytish kerakki, joriy yilgi Shanxay xalqaro forumining oʻziga xos jihatlaridan biri ishtirokchilar tarkibining yuqori nufuzli va keng qamrovli boʻlganidir. Xususan, BMTning 8-Bosh kotibi Pan Gi Mun kabi xalqaro darajadagi shaxslarning ishtiroki tadbirning diplomatik ahamiyatini yanada oshirdi.
Muhokamalarda xalqaro tashkilotlar va ilmiy markazlar vakillari ham faol qatnashdi. Jumladan, Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESCAP), BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), Jahon meteorologiya tashkilotining dasturi, BMT Atrof-muhit dasturining (UNEP) raqamli ofisi, Tabiiy ofatlar xavfi boʻyicha integratsiyalashgan tadqiqotlar (IRDR), Osiyo-Yevropa jamgʻarmasi (ASEF), Maks Plank meteorologiya instituti kabi 40 ga yaqin xalqaro tashkilotlar, tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.
“Shanxay – 2026” xalqaro forumida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Oʻzbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasini taqdim etdi. U oʻz nutqida xalqaro texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik milliy korxonalarni global bozorlarga integratsiya qilish hamda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, taqdimotda yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda investitsiyalar, savdo, raqamli transformatsiya va transport oʻzaro bogʻliqligi sohalarida erishilgan natijalar qayd etildi.
Umuman olganda, mazkur xalqaro forumda Oʻzbekiston tomonining ishtirok etishi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining Osiyo, Yevropa, Amerika va Yaqin Sharqdagi tahliliy tuzilmalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.