Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuhamedov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun Qirgʻiz Respublikasining Bishkek shahriga bordi.
Yigʻilish avvalida delegatsiyalar “Abadiy olov” yodgorligiga gulchambar qoʻyish marosimida ishtirok etib, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Keyingi bosqichda Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov SHHTga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashuv oʻtkazib, tashkilot doirasida harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazish amaliyotini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuhamedov hamda Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri general mayor Ruslan Mukambetov oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar ham boʻlib oʻtdi. Unda harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ofitserlar va mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashishni kuchaytirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar samimiy va konstruktiv ruhda oʻtib, tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bu esa SHHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni yanada faollashtirishga zamin yaratadi.