Oʻzbekiston boʻylab media sohasini amaliy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan Media haftalik loyihasi navbatdagi manzil — Samarqand viloyatida start oldi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
27-apreldan 1-mayga qadar davom etadigan ushbu besh kunlik intensiv dastur hududdagi media vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlari, jurnalistlar, blogerlar va kontent yaratuvchilarni bir maydonga jamladi.
Media haftalik anʼanaviy seminar formatidan farqli ravishda amaliy yondashuvga asoslanadi. Ishtirokchilar real keyslar asosida ishlaydi, tezkor qaror qabul qilish, auditoriya bilan samarali muloqot oʻrnatish va zamonaviy kontent yaratish boʻyicha koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Dastur doirasida strategik kommunikatsiya, antikrizis PR, faktcheking, sunʼiy intellekt asosida kontent yaratish, vizual storitelling, mobilografiya, ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari bilan ishlash kabi yoʻnalishlar qamrab olinadi. Shuningdek, ishtirokchilar raqamli xavfsizlik, axborot bilan ishlash madaniyati va auditoriya ishonchini shakllantirish mexanizmlari boʻyicha amaliy bilimlarga ega boʻlishadi.
Loyiha doirasida oʻtkaziladigan master-klasslar, interaktiv sessiyalar va jonli muhokamalar orqali ishtirokchilar nazariy bilimlarini mustahkamlab, ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatiga ega boʻladi.
Media haftalik yakunida anʼanaviy media forum tashkil etilib, unda hafta davomida erishilgan natijalar sarhisob qilinadi, eng faol ishtirokchilar taqdirlanadi va hududiy media rivojining keyingi bosqichlari muhokama qilinadi.