Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 25-aprel — Butunjahon bezgakka qarshi kurash kuni arafasida chaqaloqlar uchun maxsus ishlab chiqilgan ilk bezgak dori vositasini maʼqulladi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yangi preparat artemeter va lumefantrin moddalaridan iborat boʻlib, vazni 5 kilogrammdan kam boʻlgan goʻdaklar uchun xavfsiz deb topilgan.
Shu paytgacha bunday yoshdagi bolalar kattaroq yoshdagilar uchun moʻljallangan dorilar bilan davolanar edi. Bu esa dozani notoʻgʻri belgilash va zaharlanish xavfini keltirib chiqarardi. Yangi tasdiq mamlakatlarga toʻliq klinik sinovlar oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa ham dorini roʻyxatdan oʻtkazish imkonini beradi. Shuningdek, BMT agentliklari hukumatlar ruxsati bilan uni bezgak keng tarqalgan hududlarga yetkazib berishi mumkin.
JSST maʼlumotlariga koʻra, bezgakdan vafot etuvchilarning qariyb 70 foizi besh yoshgacha boʻlgan bolalar hissasiga toʻgʻri keladi. Kasallik har yili taxminan 10 ming nafar onaning oʻlimiga, 200 ming holatda oʻlik tugʻilishga va 550 ming chaqaloqning kam vaznda tugʻilishiga sabab boʻladi.
2000-yildan buyon global saʼy-harakatlar tufayli taxminan 14 million oʻlimning oldi olingan. Shunga qaramay, bezgak hali ham jiddiy muammo boʻlib qolmoqda: 2024-yilda dunyo boʻyicha 282 million holat va yarim milliondan ortiq oʻlim qayd etilgan.
Dunyodagi bezgak holatlari va oʻlimlarining 90 foizi Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika hissasiga toʻgʻri keladi. Yangi dori qitʼada har yili bezgak xavfi yuqori hududlarda tugʻiladigan 30 million chaqaloq uchun muhim tibbiy boʻshliqni toʻldirishi kutilmoqda.
JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusga koʻra, yangi vaksinalar, tezkor testlar va samarali dorilar kasallikka qarshi kurashda vaziyatni oʻzgartirmoqda.