Toshkentda ayrim yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun 14 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi. Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov bu boradagi tegishli hujjatni imzoladi.
Shahar hokimi qurilish, toʻsiqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarining taklifini maʼqulladi. Mablagʻlar Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan yoʻnaltiriladi.
Hujjatga koʻra, Toshkentning 12 ta tumaniga 1 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi. Qolgan 2 milliard soʻm poytaxtning markaziy koʻchalaridan foydalanish, ularni saqlash va taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan boshqarmaga beriladi.