Samarqand shahridagi Turizm akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, “MY FAIR” MCHJ hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Taʼlim va kasb” xalqaro koʻrgazmasi tashkil etildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Koʻrgazmada 60 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim muassasalari oʻz imkoniyatlarini namoyish etdi. Jumladan, Rossiya, AQSH, Turkiya, Polsha va Qozogʻiston kabi davlatlarning nufuzli universitetlari qatnashib, oʻquvchi-yoshlar hamda abituriyentlarga taʼlim dasturlari, qabul shartlari va xalqaro grant imkoniyatlari haqida maʼlumotlar taqdim etishdi.
Tadbir ishtirokchilari xorijiy taʼlim muassasalari vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega boʻlishdi. Suhbatlar davomida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, taʼlim sifati, taʼlim garantlari va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha fikr almashildi.
Koʻrgazma yoshlarga kasb tanlashda muhim yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, xorijiy taʼlim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish hamda universitetlar vakillari bilan muloqot qilish imkonini berdi.