Samarqandda Turkiy davlatlar onkologlarining II Kongressi boʻlib oʻtdi

Ushbu nufuzli anjumanda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda boshqa qator xorijiy davlatlardan kelgan 300 nafardan ortiq yetuk olimlar, soha ekspertlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi onkologiya markazlari rahbarlari, amaliyotchi mutaxassislar qatnashdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Kongressning birinchi kunida zamonaviy jarrohlik texnologiyalari, immun va target terapiya, molekulyar diagnostika hamda minimal invaziv usullarga bagʻishlangan mahorat darslari boʻlib oʻtdi. Ularda klinik holatlar muhokamasi va jonli namoyishlar orqali qatnashchilarga amaliy bilimlar taqdim etildi.

Tadbirning ikkinchi kuni rasmiy ochilish marosimi bilan boshlanib, unda turli davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi onkologiya markazlari rahbarlari, shu jumladan Turkiya Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Turkiya Sogʻliqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu bilan muloqot qildi. Muloqotda yurtimizda yangi davolash muassasalarini qurish, tibbiy taʼlim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar haqida soʻz bordi.

Oʻzbekiston tomoni turkiyalik ekspertlar ishtirokida qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida oʻtkazilgan mahorat darslari samaradorligini yuqori baholadi. 100 nafardan ortiq yurtimiz tibbiyot xodimlarining Turkiyada malaka oshirishi uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Shundan soʻng tomonlar buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi yuqori texnologiyali operatsiyalarni birgalikda amalga oshirish, tibbiy kadrlar tayyorlash, qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, shu yil yakuniga qadar uchinchi Oʻzbekiston-Turkiya tibbiyot forumini oʻtkazish yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

— Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining oʻzaro hamjihatlik yoʻlidagi tashabbuslari tarixiy ahamiyatga ega, — dedi Kongressning ochilish marosimida Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov. — Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqin va ishonchli qoʻshnichilik, umumiy qadriyat hamda manfaatlarga tayangan tashqi siyosati natijasida davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Mazkur tadbir ham ana shunday samarali hamkorlikning amaliy tasdigʻidir.

Oʻzbekiston tomoni turkiy davlatlar bilan hamkorlikda qator yangi tashabbus va loyihalarni amaliyotga tatbiq etmoqda. Xususan, turkiyalik ekspertlar ishtirokida qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida mahorat darslari oʻtkazildi, 100 nafardan ortiq tibbiyot xodimlarimiz Turkiyada malaka oshirish imkoniga ega boʻlishdi.

Toshkentda ishga tushirilgan zamonaviy Onkologiya markazida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida samarali menejment tizimi joriy etilib, muassasaga qardosh mamlakatdan jalb etilgan boshqaruvchi K.Sedat direktor etib tayinlandi.

Xuddi shunday, keyingi yillarda qoʻshni davlatlar hamkorligida qator anjumanlar, tajriba almashinuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazilmoqda.

Kongress doirasida oʻpka va koʻkrak bezi saratoni, gastrointestinal, ginekologik hamda boshqa onkologik kasalliklar boʻyicha ilmiy sessiyalar, mahorat darslari ham oʻtkazildi. Muhokamalarda neoadyuvant va adyuvant terapiya, PD-L1 ingibitorlari, individual davolash strategiyalari hamda klinik qaror qabul qilish algoritmlari keng muhokama etildi.

Kongressning uchinchi kunidagi muloqotlarda ratsional dori-darmonlarni qoʻllash, zamonaviy farmakoterapiya strategiyalari va davolash samaradorligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Anjuman yakunida xalqaro ekspertlar ishtirokida kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi.