Oʻzbekiston va Xitoy arxeologlari Surxondaryo viloyatida taxminan 3 ming yillik tarixga ega boʻlgan qadimiy shahar qoldiqlarini aniqladi. Bu haqda Turkiyaning “Habergo” portali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bandixon II arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida miloddan avvalgi X asrda barpo etilgan va miloddan avvalgi VIII asrgacha mavjud boʻlgan aholi manzili izlari topilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur topilma ilk temir davridagi aholi punktlarining qurilish uslubi va ularning vazifalarini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yodgorlikning sharqiy qismida amalga oshirilgan qazishmalar ham quyi madaniy qatlamlar aynan shu davrga tegishli ekanini tasdiqlagan. Qayd etilishicha, bu hudud Bandixon vohasidagi eng yirik va yaxshi saqlangan turar-joy majmualaridan biri sanaladi.
Surxondaryo viloyati Oʻzbekistondagi arxeologik jihatdan eng boy hududlardan biri boʻlib, bu yerda temir davriga oid koʻplab yodgorliklar mavjud. Yangi topilma esa mintaqa tarixini yanada chuqurroq tadqiq etish imkonini beradi.
Olimlar taʼkidlashicha, aniqlangan meʼmoriy qoldiqlar va artefaktlar orqali qadimgi aholining kundalik turmushi, ijtimoiy munosabatlari va texnologiyalari haqida muhim maʼlumotlar olish mumkin. Shuningdek, ushbu manzilgoh Markaziy Osiyodagi qadimgi savdo yoʻllari va madaniy aloqalarda muhim oʻrin tutgan boʻlishi mumkin.