Angorda yirik energetika loyihasi amalga oshirilmoqda

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida zamonaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Xususan, “Stone City Energe B.V” kompaniyasi tomonidan quvvati 1500–1600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasi barpo etilmoqda.

Mazkur loyiha mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, sanoat korxonalari va aholini uzluksiz elektr taʼminoti bilan taʼminlash, shuningdek, energetika sohasida zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda qurilish-montaj ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, loyihaning umumiy bajarilish darajasi 60 foizga yetgan. Barcha ishlar belgilangan reja asosida tashkil etilgan boʻlib, obyektni 2027-yil dekabr oyida toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.