Samarqand viloyatida yangi tez tibbiy yordam binolari foydalanishga topshirildi

Samarqand viloyatida aholiga tez va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yanada takomillashtirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Jumladan, Respublika tez tibbiy yordam markazi Samarqand viloyati filiali tizimidagi Nurobod, Pastdargʻom, Bulungʻur, Oqdaryo va Urgut tuman tez tibbiy yordam stansiyalarining yangi zamonaviy binolari foydalanishga topshirildi.

Ushbu inshootlar 2025-yil “Tashabbusli byudjet” dasturining birinchi mavsumi doirasida gʻolib deb topilib, amalga oshirildi.

Loyiha doirasida zamonaviy talablarga javob beradigan ikki qavatli binolar barpo etildi. Qurilish ishlari bosqichma-bosqich olib borilib, bugungi kunga kelib toʻliq yakunlandi.

Yangi binolar aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.