Oʻzbekistonga Xitoydan 100 ta zamonaviy agrodron olib kelindi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur dronlar Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi hamda Jahon banki koʻmagida Xitoyda ishlab chiqarilgan.
Ularning 50 tasi ekin maydonlarini masofadan monitoring qilish, yana 50 tasi esa, oʻgʻitlash, zararkunandalarga qarshi ishlov berish va agrotexnik tadbirlarni bajarish uchun moʻljallangan.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida xitoylik mutaxassislar tomonidan mahalliy kadrlar ham tayyorlanmoqda. Xususan, “Oʻzdaverloyiha” DILI va uning hududiy boʻlinmalarining 30 nafar mutaxassisi dronlarni boshqarish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha oʻqitilmoqda. Kelgusida esa 100 nafar malakali operator tayyorlash rejalashtirilgan.