Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi

Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Yurtimiz nufusi 38 milliondan, mehnatga layoqatli aholi 20 milliondan oshdi, soʻnggi toʻqqiz yilda aholi daromadi 2 karra koʻpaydi.

Xalqimiz ogʻirini yengil qilish, koʻtargan masalalariga yechim topish boʻyicha vazir va hokimlar mahallaga tushib ishlaydigan tizim yaratildi. Bu yil ham mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion soʻm ajratilmoqda.

“Endi vazirlar, hokimlar oʻziga savol bersin: shuncha imkoniyat boʻla turib, aholi koʻtargan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi? Bundan toʻqqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qoʻyilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish.

Toʻgʻri, Xalq qabulxonalari vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda oʻzgartiradigan vaqt keldi”, dedi Prezidentimiz.

Bundan keyin “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida koʻmak berishim kerak” degan shior har bir tuman, shahar, viloyat hokimi, vazir, uning hududiy tashkilot rahbarlarining bosh qoidasi boʻlishi zarurligi qayd etildi.