Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 70-yubiley sessiyasida ishtirok etmoqda

AQSHning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtayotgan BMT Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 70-yubiley sessiyasida senator Gulnora Marufova, Oliy sud, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz rahbarlarining oʻrinbosarlaridan tarkib topgan Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Ushbu nufuzli forumda BMTga aʼzo davlatlar parlament aʼzolari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashmoqda.

Ayollar va qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollarning siyosat va iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirish, zoʻravonlikka qarshi kurashish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning ayollar huquqlariga taʼsiri BMT yubiley sessiyasining asosiy mavzusiga aylandi.

Sessiyaning tantanali ochilishi marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ayollar huquqlari sohasidagi biron-bir yutuq oʻz-oʻzidan paydo boʻlmasligini – har bir oldinga tashlangan qadam faollar, huquq himoyachilari va jamoat harakatlarining uzoq davom etgan kurashi natijasi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

“BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus oʻz chiqishida esa gender tenglikni qoʻllab-quvvatlovchi mamlakatlarning hukumatlari va tashkilotlari vaziyatni yaxshi tomonga oʻzgartirish va odamlar hayotini yaxshilash uchun yetarli darajada kuchli taʼsirga ega ekanligini qayd etdi.

Anjuman doirasida barcha ayollar va qizlarning odil sudlovga boʻlgan huquqini taʼminlash va kengaytirishga qaratilgan qonunlarga urgʻu berildi. Bu, birinchi navbatda, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish hamda tizimli toʻsiqlarni yoʻq qilish orqali inklyuziv va adolatli huquqiy tizimlarni shakllantirishni oʻz ichiga oladi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish, tizimli toʻsiqlarni bartaraf etishga bagʻishlangan yuqori darajadagi interaktiv muloqotda ham ishtirok etdi.