Prezidentimiz brendli dorilarni oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga chaqirdi

Xorijdan olib kelinayotgan dorilarning yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchiga toʻgʻri keladi. Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida chet el kompaniyalarini ishlab chiqarishini oʻzimizda tashkil etishga ragʻbatlantirish zarurligi qayd etildi.

Masalan, Turkiyaning “World Medicine” kompaniyasi Toshkent farmatsevtika parkida antibiotik, virusga qarshi va yurak-qon tomir preparatlarini ishlab chiqarish boʻyicha 30 million dollarlik loyihani amalga oshirmoqda.

Bugungi kunda import qilinayotgan dori vositalarining yarmini 3 ta yirik korxona olib kelmoqda. Ushbu korxonalar 40 dan ziyod yirik xorijiy kompaniyalar mahsulotini Oʻzbekistonga import qilish boʻyicha eksklyuziv huquqqa ega.

Prezidentimiz mazkur korxonalarni oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, brendli dorilarni xorijiy hamkorlarini jalb etgan holda oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hammaga namuna boʻlishga chaqirdi.

Buni ragʻbatlantirish uchun brendlarni olib kelishda hamkorlarga toʻlanayotgan brend nomidan foydalanganlik uchun toʻlov – royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.