Termiz davlat pedagogika instituti Biologiya fakulteti 3-bosqich talabasi Feruza Toʻxtamurodova chayon zaharini uni nobud qilmasdan oluvchi qurilma yaratdi. Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Unda aytilishicha, soʻnggi yillarda saraton kasalligi bilan ogʻrish holatlari ortib bormoqda. Manbalarda chayon zahri tarkibidagi xlorotoksin moddasi rak hujayralari oʻsishini sekinlashtirishda, neyrotoksinlar esa asab kasalliklarini davolashda qoʻllanishi mumkinligi qayd etilgan. Chayonlar ekologik muvozanatni saqlashda ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Avvallari zahar olingach, chayonlar nobud boʻlar edi. Feruza Toʻxtamurodovaning qurilmasi esa elektrostimulyatsiya usuli asosida bir chayondan bir necha marta zahar olish imkonini beradi. Bu esa biomodda tanqisligini kamaytirish va farmatsevtika sohasida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, chayon zahri xorijda 12 ming dollargacha, Oʻzbekistonda esa oʻrtacha 5 ming dollar atrofida narxlangan.