Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-fevral kuni mamlakat yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarga bagʻishlangan muloqoti nafaqat sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi, balki yurtimiz yoshlar siyosatida mutlaqo yangi, strategik bosqichni boshlab bergan tarixiy voqelik boʻldi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularning intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Muloqotda katta eʼtibor qaratilgan yoshlarning bandligini taʼminlash, taʼlim va kadrlar tayyorlash, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar, ijtimoiy himoya va infratuzilma, milliy oʻzlikni anglash va intellektual salohiyatni oshirish kabi masalalar yoshlarning nafaqat bugungi muammolarini hal qiladi, balki ularning yuqori natijalarga erishishi uchun mustahkam huquqiy va moliyaviy poydevor yaratadi. Maʼlum qilinganidek, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qoʻshimcha 200 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilishi, oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdorining 300 million soʻmgacha oshirilishi yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashda tarixiy qadamdir. Shuningdek, innovatsion startap loyihalarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish va eng yaxshi loyihalarni brendga aylantirish uchun 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratilishi ilm-fan va biznes uygʻunligini yangi pogʻonaga olib chiqadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan har haftaning payshanba kunini barcha vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilinishi davlat organlari va yosh avlod oʻrtasidagi masofani qisqartirishga xizmat qiluvchi strategik muloqot mexanizmi boʻlib, bu tizim rahbarlarning yoshlar muammolarini hal etishdagi shaxsiy masʼuliyati va faoliyatiga berilgan xolis ijtimoiy bahoga aylanadi.
Mazkur ustuvor yoʻnalishlarga hamohang tarzda, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham talaba-yoshlar bandligini taʼminlash va ularni zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar etib tayyorlash boʻyicha tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, universitetda “fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasini kuchaytirish maqsadida yirik sanoat korxonalari va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etilib, talabalarning nazariy bilimlarini bevosita amaliyotda, real iqtisodiy keyslar asosida mustahkamlashi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Milliy banki bilan hamkorlikdagi “Kelajakka qadam”dasturi doirasida tadbirkorlikka yoʻnaltirish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu talabalarning kasbiy trayektoriyasini talabalik davridayoq belgilab berishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, universitet qoshida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va startap loyihalarni ragʻbatlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalardan kelib chiqqan holda, iqtisodiyotning real sektori talablariga mos, innovatsion fikrlaydigan va yuqori texnologik bilimlarga ega kadrlar tayyorlash tizimi yana-da takomillashtiriladi va bu borada kutilgan yuqori natijalarga erishish universitet jamoasi uchun bosh maqsad boʻlib qoladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi Prezidentimiz tomonidan belgilangan ushbu ulugʻvor vazifalarni amalga oshirishda bor kuch va salohiyatini safarbar etadi. Biz yosh iqtisodchilarni nafaqat nazariy bilimlar bilan, balki ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy barqarorlikka hissa qoʻshishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratamiz.
Davlatimiz rahbarining mamlakat yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarga bagʻishlangan muloqoti – bu tizimli yondashuv Oʻzbekistonning yaqin kelajakdagi iqtisodiy oʻsishini taʼminlaydigan “Intellektual drayver” boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.