Ertaga, 1-mart kuni ushbu ajoyib misralar muallifi, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston Xalq shoirasi Zulfiyaning tavallud kuni. Bu yil adabiyot va sheʼriyatimizga betakror meros qoldirgan shoira tavalludining 111-yilligi nishonlanmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Xususan, bugun, 28-fevral kuni Adiblar xiyobonida oʻzbek xalqining sevimli adibasi Zulfiya Isroilova tavalludining 111-yilligi munosabati bilan “Diydor baxti nasib yana siz bilan” mavzusidagi tadbir oʻtkazildi. Unda shoira hayoti, uning ibratli umr yoʻli hamda oʻzbek adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan adibaning sheʼrlaridan namunalar ifodali oʻqilib, uning ijodiy merosi keng yoritildi. Shoira xotirasini abadiylashtirish maqsadida xiyobonida oʻrnatilgan haykali poyiga gulchambar qoʻyildi. Maʼnaviy ruhda kechgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shoiraning Vatanga muhabbat, sadoqat va vafo tuygʻularini tarannum etgan sheʼrlari bugungi yosh avlod tarbiyasida ham muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlandi.
Zulfiya Isroilova 1915-yil bahorning ilk nafasi ufurgan, tabiat qahraton qish uyqusidan sekin uygʻona boshlagan 1-mart sanasida Toshkent shahrida tavallud topgan. Shoira 81-yillik nurli hayot yoʻli mobaynida ayolning ichki dunyosi, orzu-armonlari, matonati va mehrini ifodalagan nafis sheʼrlar yozdi. Adibaning ijodi nozik lirika, ayol qalbi, muhabbat, sadoqat va Vatanga mehr tuygʻulari bilan ajralib turadi.
Zulfiya ijodining asosiy yoʻnalishlari muhabbat va sadoqat uning sheʼrlarida muhabbat pok, sadoqatli va sabr-toqat bilan yoʻgʻrilgan. Turmush oʻrtogʻi, shoir Hamid Olimjon vafotidan soʻng yozgan sheʼrlari chuqur iztirob va sadoqat namunasi boʻlgan. U sheʼrlarida ayolni jamiyatning tayanchi sifatida ulugʻlaydi.