“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishoni taʼsis etildi

Vazirlar Mahkamasining “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida»gi qarori eʼlon qilindi.

Hujjatga koʻra, koʻkrak nishoni bilan “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan, mamlakat taraqqiyoti uchun salohiyatini namoyon etayotgan, davlatning xalqaro miqyosdagi nufuzini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan, vatanparvarligi, fidoyiligi va namunali faoliyati bilan ajralib turgan fuqarolar” taqdirlanadi.

Koʻkrak nishoniga nomzodlar roʻyxati quyidagilar doirasida shakllantiriladi:

  • “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari
  • maktablar va Prezident maktablari
  • “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bitiruvchilari
  • “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy dasturi ishtirokchilari
  • dunyoning nufuzli oliy taʼlim va boshqa tashkilotlarida bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi platforma sifatida faoliyat yurituvchi — Iqtidorli yoshlarni qoʻllab quvvatlash hamjamiyati.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi taqdirlanadigan nomzodlar roʻyxatini shakllantirish, taqdim etish va koʻrib chiqish masalalarini tashkil etish uchun ishchi organ vazifasini bajaradi. Shuningdek, nishon bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda taqdirlanishi mumkin.

Koʻkrak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyatining qurultoyida topshiriladi. Uni bir shaxs bir marta olishi mumkin boʻladi. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozaxon Karimova zimmasiga yuklatildi.