Toshkent shahrida 3 ta avtomashina ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Bu haqda poytaxt Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 21-fevral kuni soat 21:35 larda Yakkasaroy tumani Nukus-Glinka chorrahasida 1988-yilda tugʻilgan T.B. boshqaruvidagi “Cobalt”, 1989-yilda tugʻilgan Y.U. boshqaruvidagi “Nexia-3” va 2007-yilda tugʻilgan A.O. boshqaruvidagi Gentra avtomashinalari oʻzaro toʻqnashuvi oqibatida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.
YTH oqibatida “Gentra” haydovchisiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Bildirilishicha, ushbu hodisa “Gentra” rusumli transport vositasi haydovchisi oʻzi bilan bir yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan “Nexia-3” bilan toʻqnashib, rul boshqaruvini yoʻqotishi va qarama-qarshi tomonda turgan “Cobalt”ga borib urilishi ortidan yuzaga kelgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.