Oʻzbekiston xalqiga Ramazon tabrigi
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli boʻlgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, ushbu qutlugʻ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sogʻ-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.
El-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga daʼvat etadigan ushbu oyni munosib tarzda oʻtkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qoʻshnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va eʼtibor koʻrsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli oʻtkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.
Bularning barchasi bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta.
Ramazon oyining ulugʻ fazilatlari, axloqiy-maʼnaviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon boʻladi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Bu haqda soʻz yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy adolat Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan oʻzgartirayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.
Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir.
Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada oʻsish va oʻzgarish boʻlsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutugʻi va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutugʻi va farovonligi sifatida namoyon boʻladi.
Aziz doʻstlar!
Qutlugʻ zaminimiz uzra Alloh taoloning marhamati yogʻilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning
ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va oʻrganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz oʻrtasida targʻib etish boʻyicha koʻpgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.
Ulugʻ ajdodlarimizning shonli anʼanalariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob meʼmoriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib oʻtmoqchiman.
Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.
Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul boʻladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, oʻzaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz.
Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yoʻllaymiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman.
Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Roʻza kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat boʻlsin!
Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning oʻzi panohida asrasin!
Ramazon oyi barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti