Oʻtgan yili xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, bundan tashqari shu yilning oʻzida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolandi.
Vazirlar, tarmoq rahbarlari yoki hokimlar ushbu loyihalarning paysalga solinishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Investitsiya koʻpaygani hisobiga qurilish ham oshadi. Mutasaddilarga bu yilgi qurilish hajmini 400 trillion soʻmga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz oʻsishni taʼminlash topshirildi.
Joriy yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun byudjetdan 40 trillion soʻm berilmoqda. Bu qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor.
Lekin hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari qurilish sifati va samaradorligini nazorat qilishga ulgurmayapti. Shu bois, Qoraqalpogʻiston, Samarqand va Fargʻonada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Kichik va oʻrta korxonalar yiliga 5 milliard kub metr gaz va 20 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi isteʼmol qilmoqda.
Endilikda kichik va oʻrta korxonalarda ham energiya samaradorlik boʻyicha yangicha tizim boʻladi va uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Har bir tumandagi energiya sarfi eng yuqori 5 tadan korxonada energiya auditi oʻtkaziladi, ushbu korxonalarda energiya tejamkor choralarni amalga oshirish uchun 100 million dollar arzon resurs jalb qilinadi.
Mutasaddilar va hokimlar 2026-yilda kichik va oʻrta korxonalarda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektrni tejash choralarini koʻrishi muhimligi qayd etildi.
Yana bir masala – respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlari yiliga 330 million kilovatt-soat elektr sarflayapti. Chiroq kunduzi ham yoniq turgan holatlar kam emas.
Yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya, kun yorishishiga qarab, oʻzi oʻchib-yonadigan datchik oʻrnatishni boshlash topshirildi.