Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ochiqlandi

13.02.2026 12:30 O'zbekiston 1714 ipaknews.uz

2026-yil 1-fevral holatiga koʻra, Oʻzbekistonda chet el investitsiyalari ishtirokida jami 18 513 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqida Milliy statistika qoʻmitasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi besh yil davomida chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 1,9 barobarga oshib, xorijiy korxonalarning umumiy ulushi 55,1 foizdan 76,9 foizgacha koʻtarilgan.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni boʻyicha Xitoy yetakchilik qilmoqda — ushbu davlat ishtirokidagi korxonalar soni 5 218 tani tashkil etgan. Rossiya 3 190 ta korxona bilan ikkinchi, Turkiya esa 2 149 ta koʻrsatkich bilan uchinchi oʻrinni egallagan.

Shuningdek, Qozogʻiston investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 1 221 ta, Janubiy Koreya — 699 ta, Afgʻoniston — 647 ta, BAA — 413 ta, Tojikiston — 410 ta, Hindiston — 394 ta hamda Ozarbayjon — 368 tani tashkil etgan.

Maʼlumotlarga koʻra, mavjud korxonalarning 4 282 tasi qoʻshma korxona, 14 231 tasi esa xorijiy kapital asosida tashkil etilgan korxonalar hisoblanadi.