Andijon viloyatida tabiiy suv havzalari himoya zonalari hamda suv fondi yerlaridan samarali foydalanish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar oʻzining amaliy natijasini bermoqda. Xususan, “Norin – Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi yordamchi xoʻjaliklarda qariyb 20 ming boshdan ortiq qoramol, qoʻy-echki va parranda parvarishlanmoqda. Shuningdek, baliqchilik xoʻjaliklari tashkil etilgan, yuzlab asalari qutilari joylashtirilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Bu kabi faoliyat suv havzalari atrofidagi yer maydonlaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va mavjud imkoniyatlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishga xizmat qilmoqda.
— Imkoniyatlarimiz shu bilan cheklanib qolmaydi, — deydi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Shuhratbek Ergashev. — Ayni paytda salkam 200 gektar maydonga gʻalla, sabzavot, kartoshka va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Bu orqali yerdan unumli foydalanish taʼminlanib, xoʻjalik faoliyati barqaror tus oladi.
Mazkur ishlar nafaqat qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish, balki aholini sifatli va nisbatan arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish hamda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, sohilboʻyi hududlarida koʻkalamzorlashtirish, daraxt koʻchatlari ekish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu yerlarni mustahkamlash, eroziyaning oldini olish hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, suv fondi yerlaridan oqilona va samarali foydalanish orqali Andijon viloyatida iqtisodiy manfaatlar bilan atrof-muhit muhofazasi oʻzaro uygʻun holda taʼminlanmoqda.