Xitoy Xalq Respublikasining Huang Run Paper Company (ZAO ZHUANG HUA RUN PAPER CO., LTD.) kompaniyasi Samarqand viloyatida yirik sanoat loyihasini amalga oshirish uchun 500 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Bu haqda kompaniya mutasaddilari Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bildirishdi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Mazkur investitsiya loyihasi sanoatbop karton, qadoqlash mahsulotlari hamda ofis qogʻozi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini barpo etishni nazarda tutadi. Loyihani amalga oshirish besh bosqichda rejalashtirilgan boʻlib, uning uchun 50 gektardan ortiq yer maydoni talab etiladi.
Ayni paytda Urgut erkin iqtisodiy zonasining Xishrav-2 massivida joylashgan yer uchastkalari mazkur loyihani joylashtirish uchun istiqbolli hudud sifatida koʻrib chiqilmoqda. Ushbu yer maydonlari yaqin vaqt ichida auksion savdosiga qoʻyilishi belgilangan.
Investorlar taʼkidlashicha, barpo etiladigan zavod Markaziy Osiyo mintaqasida yagona boʻladi. Loyiha doirasida taxminan 3000 ta yangi ish oʻrni yaratilishi, davlat byudjetiga esa yillik 50–60 million AQSH dollari miqdorida soliq tushumlari taʼminlanishi kutilmoqda.
Uchrashuvda Samarqand viloyati hokimi mazkur loyihaning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadlariga toʻliq mos kelishini taʼkidlab, investorlarga viloyat hokimligi tomonidan qonunchilik doirasida har tomonlama koʻmak koʻrsatilishi, jumladan, tashkiliy va infratuzilma masalalarini tezkor hal etish hamda loyihani doimiy hamrohlikda boshqarish kafolatlanishini bildirdi.