Oliy Majlis Senatida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Xalq bilan armiya yaqin bo‘layotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda.

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan Senatda seminar o‘tkazildi.

Seminarni Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxanov ochar ekan, Prezident Sh. Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar hamda dinlararo do‘stlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalarga eʼtibor qaratdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlar davlat mustaqilligi, chegaralarning daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashning chinakam kafolatiga aylanib borayotganini taʼkidlab o‘tdi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz yoshlarni vatanparavarlik ruhida tarbiyalashda mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda. Eng muhimi, xalq bilan armiya yaqin bo‘layotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda.

Senatorlar milliy armiyamizning yurtimiz tinchligi, mustaqilligi va xavfsizligini taʼminlashdagi o‘rni hamda zamonaviy xavf-xatarlar sharoitida oliy qonun chiqaruvchi organning yaratilgan huquqiy asoslarni takomillashtirish borasidagi masʼuliyatini ham alohida qayd etdi.

Shuningdek, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashishda ishtirok etgan vatandoshlarimizning o‘lmas jasoratiga chuqur hurmat-ehtirom izhor etildi.