Afgʻoniston hududida internet tarmogʻi qisman tiklandi. Bu haqda xalqaro internet monitoringi xizmati NetBlocksga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
“Operativ tarmoq maʼlumotlari Afgʻonistonda internetga ulanish qisman tiklanganini koʻrsatmoqda”, — deyiladi tashkilot maʼlumotida.
Avvalroq mamlakatning barcha hududlarida internet aloqasi uzilib qolgani xabar qilingan edi. Afgʻoniston OAV maʼlumotiga koʻra, “Tolibon” harakati ayrim mintaqalarda kabelli internetdan foydalanishni “behayolikning oldini olish” maqsadida taqiqlagani aytilgan.
Biroq “Tolibon” harakati mazkur ayblovlarni rad etdi. Ular internetdagi uzilishlar mamlakatdagi eski optik tolali kabellardan foydalanilayotgani va ularni yangilash zarurligi bilan bogʻliqligini bildirishdi.