Umumiy mukofot jamgʻarmasi 855 ming AQSH dollari boʻlgan turnirda 39 ta mamlakatdan 172 nafar ishtirokchi jahon chempionati yoʻllanmasi uchun dona suradi. Unda jahon shaxmat reytingida yuqori oʻrinlarni egallab kelayotgan kuchli grossmeysterlar, shuningdek, FIDE prezidenti tavsiyasi bilan taklif etilgan shaxmatchilar va xalqaro musobaqalar gʻoliblari qatnashmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Buyuk ipak yoʻli xalqaro turizm markazida oʻtkazilgan turnirning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti (FIDE) Arkadiy Dvorkovich soʻzga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi. Shundan soʻng bellashuvlarga start berildi.
Musobaqada “Grand Swiss 2025” turnirining birinchi raqamli ishtirokchisi Rameshbabu Praggnanandxa, amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh, yaqinda Hindistonda oʻtkazilgan nufuzli turnirda gʻoliblikka erishgan germaniyalik Vinsent Kaymer, 2021-yilgi “Grand Swiss” gʻolibi Aliriza Firuzja hamda Anish Giri, Vidit Santosh Gujrati, Nodirbek Abdusattorov, Levon Aronyan kabi oʻnlab jahon reytingida yuqori natijalar qayd etayotgan shaxmatchilar gʻoliblik uchun asosiy daʼvogar sifatida bahs olib bormoqda.
“Grand Swiss 2025” musobaqasida 14 nafar oʻzbekistonlik shaxmatchi ishtirok etyapti. Erkaklar musobaqasida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nigʻmatov, Abdumalik Abdusalimov, ayollar guruhida Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
Xalqaro shaxmat turniri yakuni boʻyicha dunyo reytingining “TOP-100” taligiga kirgan kuchli shaxmatchilar orasidan toʻrt nafari (2 erkak va 2 ayol shaxmatchi) jahon shaxmat toji uchun “Talabgorlar turniri”ga saralab olinadi.
“Grand Swiss 2025” xalqaro shaxmat turniri 15-sentyabrga qadar davom etadi.