Qashg‘ar – ming yillik tarixga ega Sharq gavhari

Bir paytlar bu yerda o‘zbek shoiri Furqat yashab, ijod qilgan

Qashg'ar
Qashg'ar
20.08.2025 18:15 IPAK YO‘LI 391 ipaknews.uz

 Xitoyning eng g‘arbiy hududida joylashgan Qashg‘ar shahri dunyodagi eng qadimiy maskanlardan biri sanaladi. Uning tarixi ikki ming yildan oshadi. Bugun u nafaqat Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining madaniy markazi, balki buyuk Ipak yo‘lining jonli yodgorligi sifatida minglab sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda.

Foto:Ipaknews.uz

Bir paytlar bu yerda o‘zbek shoiri Furqat yashab, ijod qilgan. U Sharq ruhi va Qashg‘arning boy madaniyatidan ilhom olgan. Bugungi kunda ham Qashg‘ar o‘sha qadimiy sehrini yo‘qotmagan — u o‘tmish va bugunning ko‘prigi sifatida e’tirof etiladi.

Foto:Ipaknews.uz


Shahar ikkiga bo‘lingan: zamonaviy va qadimiy qismlarga. Ammo sayyohlarni aynan eski shahar qismi o‘zining asl qiyofasi bilan jalb etadi. Eski shaharning ulkan darvozasidan kirganingizda, butunlay boshqa dunyoga tushgandek bo‘lasiz: tor va egri ko‘chalar, naqshli derazali loydan qurilgan uylar, havoda taralgan ziravorlar ifori — bularning barchasi sizni tarix bag‘riga yetaklaydi.

Bu yerda qadimiy an’analar hanuz yashab kelmoqda: ko‘cha tomoshalari, xalq musiqasi, raqs va qo‘shiqlar, karvon hayotidan sahnalar.

Foto:Ipaknews.uz

Qashg‘arning madaniy boyligi faqat me’morchilikda emas, balki odamlarida ham aks etadi. Mahalliy aholi o‘z urf-odatlari, tili va hunarlarini ehtiyotkorlik bilan asrab kelmoqda. Qo‘lda temirchilik, kulolchilik, to‘qimachilik, milliy taomlar — bularni nafaqat tomosha qilish, balki o‘zingiz ham sinab ko‘rishingiz mumkin.

Foto:Ipaknews.uz


Bugungi kunda Qashg‘ar har kuni minglab sayyohlarni qarshi oladi, ularning aksariyati Xitoyning ichki hududlaridan keladi. So‘nggi yillarda esa xalqaro sayyohlarning ham bu mo‘jizaviy shahar bilan qiziqishi ortib bormoqda.